Asosiy Yangiliklar → Yerdan oqilona foydalanish, qonunga rioya qilish bo’yicha davlat geodeziya nazorati amalga oshiriladi

Yerdan oqilona foydalanish, qonunga rioya qilish bo’yicha davlat geodeziya nazorati amalga oshiriladi

O’zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyevning «Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlar to’g’risida»gi farmoniga sharh e’lon qilindi.

Keyingi yillarda respublikada yerlardan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, ta’sirchan nazoratni ta’minlash hamda yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohalaridagi munosabatlarni kompleks tartibga solishga yo’naltirilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Respublikamiz uchun o’ta dolzarb ahamiyatga ega bo’lgan sug’oriladigan yerlar 4,3 million gektarni, yoki mamlakat umumiy maydonining 9,6 foizini tashkil etib, ularda barcha qishloq xo’jaligi mahsulotlarining 95 foizdan ortig’i yetishtiriladi.

Dasturiy chora-tadbirlar doirasida tizimli ravishda yer resurslarini hisobga olish va yerlardan foydalanishni nazorat qilish, ko’chmas mulk obyektlari, kartografik fondni takomillashtirish yuzasidan yer munosabatlarini tartibga solish sohasida yer qonunchiligiga rioya etish bo’yicha doimiy monitoring qilish tizimi ishlab chiqilib joriy etildi, ko’chmas mulk obyektlarini yalpi xatlovdan o’tkazish, 21 ta davlat kadastrlarini integrasiyalashuviga qaratilgan O’zbekiston Respublikasi Milliy geoaxborot tizimini tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, o’tkazilgan tahlillar quyidagilarni ko’rsatmoqda:

  • joylarda yerdan nooqilona foydalanishning o’z vaqtida oldini olish bo’yicha o’zini o’zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda yetarli darajada tizimli ishlar amalga oshirilmayapti;
  • qishloq aholi punktlarida va mahallalarda, ayniqsa, olis hududlarda yerlardan foydalanish holatini muntazam monitoring qilish ishlari yetarli darajada olib borilmayapti;
  • mavjud xodimlar soni yer resurslaridan foydalanishni nazorat qilish va ularning hisobini yuritishni to’liq amalga oshirish imkonini bermayapti.

Yuqoridagi kamchiliklar yerlardan oqilona va maqsadli foydalanish, shuningdek, tarmoqda qonun hujjatlariga rioya etish ustidan to’laqonli ta’sirchan nazoratni ta’minlash imkonini bermayapti.

Respublikamiz yer resurslaridan foydalanish samaradorligini, qishloq xo’jaligi yerlari unumdorligini oshirish, shuningdek, soha faoliyatini takomillashtirish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Farmoni va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «O’zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasi faoliyatini yanada takomillashtirish to’g’risida»gi qarori qabul qilindi.

Qabul qilingan hujjatlarda O’zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo’nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • yerdan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, kartografiya va geodeziya faoliyati bo’yicha yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash;
  • yerdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan tizimli davlat nazoratini hamda qonun hujjatlariga so’zsiz rioya etilishi bo’yicha davlat geodeziya nazoratini amalga oshirish;
  • tuproq unumdorligini oshirish, yerlardan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish bo’yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • yer tuzish, yerdan foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish sohalarida davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari bo’yicha takliflar tayyorlash, yer resurslaridan foydalanish hamda yerdan foydalanish istiqbolini va sxemalarini prognozlashtirish va rejalashtirishda qatnashish;
  • uchuvchisiz apparatlardan foydalangan holda qishloq xo’jalik yerlarini, qishloq xo’jalik ekinlari va ularni parvarishlashni monitoring qilish, geodezik ma’lumotlar va kartografik materiallardan foydalangan holda sun’iy yo’ldosh navigasiya tizimi ishlashini ta’minlash va boshqalar.

Qabul qilingan hujjatda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutini O’zbekiston qishloq xo’jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibidan O’zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasi tasarrufiga o’tkazish ko’zda tutilgan.

Bu o’z navbatida qo’mitaga yuklangan vazifa va topshiriqlarni o’z vaqtida va sifatli bajarish imkoniyatini yaratadi, institut bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o’tkazish orqali, birinchi navbatda tuproqning tarkibi va maxsus ilmiy laboratoriyalarda tuproqdagi barcha jarayonlarni o’rganish orqali sug’oriladigan yerlarning unumdorligi va ularning ball-boniteti aniqlanadi.

Davlat kadastrlarini yuritishni tashkil etish darajasini oshirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasi raisining o’rinbosari lavozimi joriy etildi. U davlat kadastrlari sohasini muvofiqlashtirish, tizimga ilg’or axborot-kommunikasiya texnologiyalarini tatbiq etish va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish ishlariga mas’ul etib belgilandi.

O’zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasiga, uning hududiy bo’linmalariga mavjud shtatlarga qo’shimcha ravishda 937 ta muhandis-yer tuzuvchilar shtat birligi, shundan 92 foizi qo’mitaning tuman bo’limlariga berilmoqda.

Qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida qo’mita tizimining tashkiliy tuzilmasi, qo’mita markaziy apparatining tuzilmasi, shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari, tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo’limlarining namunaviy tuzilmasi va xodimlarining cheklangan umumiy soni tasdiqlandi.

Shuningdek, 2017–2021 yillarda O’zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasi faoliyatini samarali tashkil qilish, sohaga ilg’or fan-texnika yutuqlarini joriy etish, moddiy-texnika bazasini yangilash, tarmoqqa xalqaro grantlarni jalb qilish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangan.

Qo’mita va uning hududiy bo’linmalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo’limlarini xizmat avtomashinalari, joylardagi mutaxassislarni zamonaviy o’lchov asboblari, xizmat xonalari bilan ta’minlash belgilangan.

Yer resurslaridan oqilona foydalanish va qonun hujjatlariga rioya etilishi nazoratini ta’minlash kabi asosiy vazifalarni bajarish uchun qo’mita va uning hududiy organlari o’zlarining vakolatlari doirasida sudlarga beriladigan da’vo arizalari bo’yicha davlat boji to’lashdan ozod etilmoqda.

Mazkur farmon va qarorning amalga oshirilishi:

birinchidan, respublikamiz yer resurslaridan foydalanish samaradorligini va qishloq xo’jaligi yerlari unumdorligini oshirish;

ikkinchidan, qishloq xo’jaligi yerlaridan, ayniqsa, sug’oriladigan yerlardan boshqa maqsadlarda foydalanishning oldini olish yuzasidan qattiq nazorat o’rnatish, shuningdek, respublika yer fondi hisobini yuritishni tizimlashtirish;

uchinchidan, zamonaviy yuqori texnologiyali texnik vositalar va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish;

to’rtinchidan, O’zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasi va uning hududiy bo’linmalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha mutaxassislariga yuklangan vazifalarni o’z vaqtida va sifatli bajarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.

 



Tadbirlar